"Yashil" iqtisodiyot uchun qanday kadrlar tayyorlanayapti?

- “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish tabiiy resurslar (shu jumladan suv) dan nooqilona foydalanish, havoning ifloslanishi, oʻrmonlarning qisqarishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va iqlim oʻzgarishi kabi ekologik muammolarni hal etishda yordam beradi.
- Yuqori darajadagi IT koʻnikmalariga ega boʻlgan aholi ulushining oshishi “yashil” bandlikning oʻsishiga boshqa omillarga nisbatan koʻproq taʼsir koʻrsatadi.
- 2022/2023 oʻquv yilida tayyorlanadigan kadrlarning 30% dan ortigʻi “yashil” iqtisodiyotga mos keladi (taqqoslash uchun, 2019/2020 oʻquv yilida 5%).
Respublika oliy oʻquv yurtlarida (shu jumladan, hududiy filiallarda) “yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun eng zarur mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash, jumladan biotexnologlar, muqobil (quyosh va shamol) energetika, shuningdek, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha muhandislar, iqlim xavfini baholash, bioiqtisodiyot boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga energiya tejamkor inshootlar va texnologiyalarni, jumladan sunʼiy intellektni loyihalash, foydalanish va ishlab chiqarish boʻyicha kadrlar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilgan.
