platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika tarmogʻidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika tarmogʻidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni energiya taʼminotini yaxshilash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi hamda gidroenergetika tarmogʻidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Mamlakatimizda energetika tizimini rivojlantirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Mavjud quvvatlarni mustahkamlash bilan birga quyosh, shamol va gidro elektr inshootlari barpo etilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda gidroenergetika yoʻnalishida 500 million dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qoʻshimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. “Oʻzbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi. Bu – yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalmoqda, degani. Joriy yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish boʻyicha ishlar boshlanadi. Davlatimiz rahbari gidroenergetikada salohiyat yuqoriligini taʼkidlab, quvvatlarni keskin oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bu borada mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin boʻlgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga koʻra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub metr gazni tejash mumkin. Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yoʻlga qoʻyilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi. Gidroenergetika inshootlari atrofidagi boʻsh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurish boʻyicha topshiriq berildi. U yerlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam boʻladi. Davlatimiz rahbari sohada mahalliylashtirish masalasiga ham toʻxtaldi. “Suvsanoatmash” aksiyadorlik jamiyatida mikro GES uskunalari, Toshkent viloyatida gidroagregatlar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriq berildi. Suv omborlarini boshqarishni raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Yigʻilishda aholini energiya bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Prezidentimiz mavjud barcha zaxiralarni ishga solish, yangi va istiqboldagi loyihalarni muddatidan kechiktirmagan holda amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. Energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni koʻpaytirish, resurslarni adolatli va samarali taqsimlab, joylarga izchil yetkazib berish, uzilishlarni tezkor bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid