platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonning eng sanoatlashgan tumanlari aniqlandi

Oʻzbekistonning eng sanoatlashgan tumanlari aniqlandi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari hududlar boʻyicha sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning rivojlanish darajasini baholadi. Tadqiqotda mamlakatdagi hududiy nomutanosibliklar tumanlar boʻyicha baholandi va bunda qiyosiy tahlil va guruhlash usullaridan foydalanildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish darajasi boʻyicha respublika hududlari 4 guruhga ajratildi: I guruh sanoati nisbatan rivojlangan tumanlar (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika darajasidan yuqori – 2021- yilda 12,9 mln. soʻm) - hududida asosiy yirik sanoat obʼektlari (asosan yoqilgʻi-energetika, kimyo kompleksi, mashinasozlik, metallurgiya) joylashganligi bilan ajralib turadigan 16 ta tumanni oʻz ichiga oldi. II guruhga sanoatning rivojlanish darajasi oʻrtacha (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika koʻrsatkichidan 5 baravargacha kam) boʻlgan 101 ta tuman kiritildi. Ular respublikadagi tumanlarning 62,3% ini tashkil etadi. Bu hududlar isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarishga (yengil, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari) ixtisoslashgani, rivojlangan yoki rivojlanayotgan kichik biznes subʼektlari bilan ajralib turadi. Ularning asosiy qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasi (11 ta), Andijon (11 ta), Buxoro (9 ta), Navoiy (7 ta), Namangan (8 ta), Toshkent (10 ta) viloyatlarida joylashgan. III guruh sanoatning rivojlanish darajasi nisbatan past hududlar (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika koʻrsatkichidan 10 baravargacha kam) boʻlib, 37 ta tumanni oʻz ichiga oladi. Bunday tumanlar resurslar bilan taʼminlangan Qashqadaryo (5 ta), Samarqand (5 ta), Surxondaryo (5 ta), Fargʻona (4 ta) viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (4 ta) joylashgan boʻlib, ularning ishlab chiqarish jarayonidagi ishtirokini maksimal darajada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishi lozim. IV guruhga (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika koʻrsatkichining 10 baravaridan kam) markazdan uzoqda yoki togʻoldi zonasida joylashgan 8 ta tuman (Baxmal, Yangiqoʻrgʻon, Qoʻshrabot, Oltinsoy, Denov, Boysun, Soʻx) kiradi. Bu hududlar sanoati asosan ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlarni ishlab chiqarish hisobiga shakllangan boʻlib, uni yanada rivojlantirish uchun tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini faollashtirish, qulay muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish zarur. Umuman olganda, 2018-2021 yillarda sanoatning oʻrtacha rivojlanish darajasiga ega boʻlgan tumanlar soni 83 tadan 101 taga ortib, rivojlanish darajasi pastlari 46 tadan 37 taga hamda qoniqarsiz koʻrsatkichlarga ega boʻlganlari soni 14 tadan 8 taga kamaydi. Bu holatni mahalliy salohiyat va resurslardan samarali foydalanish, qishloq joylarda tadbirkorlik va investitsion faollik ortishining samarasi sifatida izohlash mumkin. Xulosa sifatida aytish mumkinki, hududlarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning rivojlanish darajasini aniqlash ularda sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini beradi. Masalan, I guruh tumanlarida hududiy-ishlab chiqarish klasterlarini yaratish, II guruhda iqtisodiy oʻsish drayverlarini faollashtirish, III va IV guruhlarda rivojlangan va oʻrta darajada rivojlangan hududlarning salohiyatidan foydalangan holda hududlararo loyihalarni tashkil etish imkoniyatlari mavjud.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid