platina.uz
Jamiyat

Jizzaxda tibbiyot markazi mansabdorlariga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Jizzaxda tibbiyot markazi mansabdorlariga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Jizzax viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishda viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan tibbiyot uskunalari xarid qilishda qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Xususan, mazkur  Tibbiyot markazi 2021 yil 22 dekabrdagi shartnomaga asosan “E.M.S.” MChJdan 245,2 mln. soʻmga 2021 yilda Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan “Eskulap” modeldagi jarrohlik uskunalarini xarid qilishi belgilangan. Tovar yetkazib beruvchi MChJ tomonidan 2021 yil 28 dekabrdagi hisobvaraq-fakturaga koʻra, ushbu modeldagi jarrohlik uskunalari Tibbiyot markaziga yetkazilganligi haqida hujjat rasmiylashtirilgan. Biroq, oʻrganishlar mobaynida  shartnomada  qayd etilgan jarrohlik uskunalari aslida mavjud emasligi, yangi tibbiy uskuna oʻrniga eski —  1994 yilda Rossiya davlatida “Voljskiy UTYoS”da ishlab chiqarilgan jarrohlik uskunalari olib kelinganligi hamda ular yaroqsiz holatda ekanligi aniqlandi. Tibbiyot markazining masʼul shifokor va xodimlari oʻz rahbariyatiga ushbu tibbiy uskunalar SanPiN talablariga javob bermasligi va boshqa holatlar toʻgʻrisida 2022 yil 19 fevralda bildirishnoma bilan murojaat qilingan boʻlishiga qaramay, rahbariyat tomonidan holat boʻyicha hech qanday chora koʻrilmagan. Mazkur holatlar yuzasidan toʻplangan materiallar Agentlik tomonidan qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan. Yuqorida qayd etilgan va qoʻshimcha boshqa holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilib, natijasi boʻyicha prokuratura organlari tomonidan Jizzax viloyati Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid