Chet elda ishlamoqchi boʻlgan fuqarolarga xorijdan boʻsh ish oʻrinlari taklif etilmoqda

Xorijning vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlardan 112 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 15 mingga yaqin boʻsh ish oʻrinlari aniqlangan.
2022 yilda Rossiya, Koreya, Qozogʻiston, Germaniya, Serbiya, Yaponiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda 36 mingga yaqin yurtdoshimiz manzilli ishlarga joylashtirildi.
Alohida taʼkidlash joiz, xorijiy tashkilotlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida, Koreya Respublikasiga 4901 nafar, Angliyaga 78 nafar, Germaniyaga esa 63 nafar yurtdoshimizni ishga joʻnatishga erishildi.
Agentlik faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan yana biri oʻzbekistonlik mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy yordam koʻrsatish hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishdagi raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, jami 308 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar koʻrsatilgan. Shundan, 270 mingdan ortigʻiga maslahat xizmati, 14 mingga yaqiniga huquqiy, 20 mingdan ortigʻiga ijtimoiy, 4 mingga yaqiniga moddiy yordam, shundan, 1 ming 424 nafariga BHMning ikki baravaridan, jami 72 ming AQSh dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilgan.
Shuningdek, 285 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, ogʻir vaziyatlarga tushib qolgan 963 nafar fuqaro esa Oʻzbekistonga olib kelingan.
Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimiz ish beruvchilaridan 1 mln 200 ming AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.
Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish boʻyicha Angliya, Yaponiya, Germaniya, Polsha, Isroil va Janubiy Koreya ish beruvchilari bilan erishilgan kelishuvlar kelgusida koʻplab fuqarolarimizni ushbu davlatlarga yuqori maoshli ishlarga jalb qilish imkonini beradi.
Bugungi kunda chet elda ishlash istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun Germaniya, Ruminiya, Vengriya, Angliya kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish hamda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishning turli sohalarida boʻsh ish oʻrinlari taklif etilmoqda.
Yuqoridagi ish oʻrinlari haqida batafsil maʼlumot olish uchun Agentlikka 1282 qisqa raqami yoki 71 kodi bilan 202-33-55 va 200-00-61 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.
