platina.uz
Jamiyat

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Bugun 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni! Vatanga sadoqat uchun qasamyod qilgan barchaga bayram muborak boʻlsin! Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi inshonlanmoqda. Shuningdek, Vatan himoyachilari kuni ham. Xoʻsh, nega aynan 14 yanvar yurtimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida bayram qilinadi? Sana tarixidan bunga javob topamiz. 1993 yil 29 dekabr. Oʻzbekiston Respublikasining 1-Prezidenti Islom  Karimov imzosi bilan “Vatan himoyachilari kunini belgilash toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Nega aynan 14 yanvar kuni etib belgilangani sababi esa Qonunda quyidagicha ifodalangan: "Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligini hamda hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yoʻlidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilishdagi, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini, shuningdek Oʻzbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992 yil 14 yanvardan respublika yurisdiksiyasiga oʻtkazilganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi. 14 anvar – Vatan himoyachilari kuni etib belgilansin”. Mazkur qonun 1994 yilning 22 yanvaridan kuchga kirgan. 14 yanvar “Vatan himoyachilari kunini nishonlash toʻgʻrisida”gi Qonun muhokamasida bir nechta davlatlarning har yilgi qurolli kuchlarining bayramini nishonlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻrganib chiqilgan. Pokiston, Hindiston, Rossiya, Belorusiya, Tojikiston va boshqa davlatlar shular jumlasidan. Ushbu xujjatlar hozirda Oʻzbekiston Milliy arxivida saqlanyapti.   Armiyamiz dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingida 62-oʻrinni egalladi Global Firepower'ning 2023 yilgi dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingida Oʻzbekiston 145 ta davlat orasida 62-oʻrinni egalladi (https://www.globalfirepower.com/country-military-strength-detail.php?country_id=uzbekistan). Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston havo kuchlari tarkibidagi samolyotlarning umumiy soni 197 ta: 58 ta qiruvchi samolyot, 20 ta hujumchi samolyot, 13 ta harbiy transport samolyoti, 7 ta oʻquv samolyoti, 99 ta vertolyot va 33 ta harbiy vertolyot. Shuningdek, armiyada 420 ta tank, 197 ta oʻziyurar artilleriya moslamasi va 143 ta yoppasiga oʻq uzish tizimlari mavjud. Oʻzbekistonda xizmatni oʻtashga yaroqli inson resurslarining umumiy soni 13,5 million kishini tashkil qiladi. Har yili harbiy chaqiruv 622 ming kishiga toʻldirilmoqda. Ayni paytda Oʻzbekiston qurolli kuchlarida 65 ming kishi xizmat qilmoqda. Reytingda kuchli uchlikni AQSh, Rossiya va Xitoy egalladi. Qoʻshnilarimiz Qozogʻiston 63-oʻrin, Turkmaniston 82-oʻrin, Qirgʻiziston 107-oʻrin, Afgʻoniston 114-oʻrin, Tojikiston 120-oʻrindan joy oldi. DARVOQE! Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tarixi boʻyicha koʻproq maʼlumotlarga ega boʻlishni xohlasangiz, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyiga tashrif buyuring. 1965 yilda Markaziy ofitserlar uyi qoshida Turkiston harbiy okrugi jangovarlik shuhrati muzeyi sifatida tashkil etilgan ushbu manzilda turli davrlarga oid 10 mingdan ziyod eksponatlar oʻrin olgan.  Muzey binosi Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida – Mudofaa vazirligi binosi yonida joylashgan. Bino oldida “Vatanga qasamyod” haykali ham mavjud.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid