platina.uz
Tahlil

Surxondaryo viloyat hokimi ochiqlagan 50 ming gektar yer maydonlari talon-tarojligiga munosabat bildirildi

Surxondaryo viloyat hokimi ochiqlagan 50 ming gektar yer maydonlari talon-tarojligiga munosabat bildirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining yangi tayinlangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchisi Ulugʻbek Qosimovning viloyatda 50 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonlari talon-toroj qilinganligi haqida maʼlumotlarni ochiqlagani aks etgan video tarqalgandi. [video width="640" height="360" mp4="https://platina.uz/wp-content/uploads/2023/01/Surxon-xokimi-VB-1.mp4"][/video] Jamoatchilik tomonidan bu videoda qayd etilgan maʼlumotlar hududda prokuror nazorati oʻrnatilmaganmi mazmunidagi savollarga sabab boʻldi. Surxondaryo viloyat prokuraturasi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Keltirilishicha, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2015 yildagi “2016-2020 yillarda qishloq xoʻjaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2460-sonli qaroriga asosan paxta va gʻalladan qisqargan yerlardan foydalanilishi ahvoli alohida nazoratga olingan. Ushbu Qaror ijrosini oʻrganish va tahlillarda aniqlanishicha, viloyatda 2016-2020 yillarda 50.522,5 gektar yer maydoni paxta va gʻalladan qisqartirilgan boʻlib, ushbu yer maydonlariga meva-sabzavotchilik, bogʻdorchilik, issiqxona va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish rejalashtirilgan. Jumladan, qisqartirilgan yerlar sabzavot-poliz ekilgan maydon – 7482,8 gektar; Ozuqa ekinlari ekilgan maydon - 9605,1 gektar; Bogʻzorlar-9135,8 gektar; Tokzorlar -1094,9 gektar; Tutzorlar -1472,3 gektar; Kartoshka ekilgan maydon -770,5 gektar; Issiqxona xoʻjaliklari – 690,6 gektar; Dehqon xoʻjaliklari uchun- 7243,5 gektar; Gʻalla ekib foydalanib kelinayotgan – 1701,5 gektar hisobiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 11354,8 gektar yer maydoni qishloq xoʻjaligida foydalanib boʻlmaydigan ahvolga kelib qolganligi uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekilmagan. Ekin ekib boʻlmaydigan ahvolga kelib qolgan yer maydonlari Muzrabot tumanida 2158,5 gektar, Sherobodda 2158,2 gektar, Bandixonda 1345,7 gektar, Qumqoʻrgʻonda 1058,1 gektar, Qiziriqda 1053 gektar, Shoʻrchida 947,5 gektar, Uzunda 812,4 gektar, Sariosiyoda 585,2 gektar, Jarqoʻrgʻonda 572,2 gektar, Termiz tumanida 374,6 gektar, Oltinsoyda 218,8 gektar, Denovda 60 gektar va Angorda 10,7 gektar yer maydoniga ekin ekish imkoni yoʻq yoki qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqib ketgan. Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2019-2022 yillar davomida yer qonunchiligi boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 2056 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilgan. Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 852 ta noqonuniy qarorlarini bekor qilish haqida protest keltirilgan, qonun buzilishi uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida 84 ta taqdimnoma, 34 nafar shaxs intizomiy, 445 nafari maʼmuriy javobgarlikki tortilgan. 229 nafar shaxslar qonun talablariga rioya qilinishi yuzasidan rasman ogoxlantirilgan. Sudlarga 292 ta daʼvo arizalar kiritilishi taʼminlangan. Jiddiy qonun buzulishi holatlari yuzasidan 289 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Viloyat prokuraturasi va viloyat IIB bilan hamkorlikda 32 ta tezkor tadbirlar oʻtkazilib, tezkor tadbirlar natijasida 37,85 gektar yer maydoni noqonuniy sotib yuborish holatlarining oldi olingan. Shuningdek, viloyat prokuraturasi va Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan 2022 yilning 12 oyi davomida jami 938 ta holatda 318,296 gektar yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan. Aniqlangan qonun buzilishlarning 509 tasini bartaraf etilishi yoki oʻzboshimchalik bilan egallangan 223,41 gektar yer maydonlari dastlabki holatiga qaytarilishi taʼminlandi. Qonuniy asoslarsiz egallangan 92,27 gektar maydondagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish boʻyicha sudlarga 411 ta daʼvo arizalari kiritilgan. Jiddiy qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 2022 yilning 12 oyida yer talon-torojligi bilan bogʻliq 108 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida 24 gektar yer maydoni tuman hokimliklari zahirasiga qaytarilishi taʼminlangan boʻlib, 28 gektar yer maydonini qaytarish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritilgan. Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi tomonidan issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarasiz foydalanib kelgan shaxslarga qonun talablari tushuntirilishi natijasida, ulardan 9 nafari ixtiyoriy ariza berib, 147,2 gektar yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishiga erishildi. Bundan tashqari, oʻrganish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan samarasiz foydalanib kelayotgan 219 gektar yer maydonlarini davlat zaxirasiga qaytarish yuzasidan 25 ta daʼvo kiritildi. Mazkur daʼvo arizalar Iqtisodiy ishlar boʻyicha Termiz tumanlararo sudi tomonidan koʻrib chiqilib, qanoatlantirilgan va 219 gektar yer maydoni tuman hokimligi zahirasiga qaytarilgan. Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan Yer qonunchiligi ijrosini taʼminlash boʻyicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Darvoqe... ushbu rasmiy munosabat ham jamoatchilik tomonidan silliq qabul qilingani yoʻq. Yaʼni mazkur holatga munosabat bildirganlar hokim nega yolgʻon gapirgani yoki unga yolgʻon maʼlumot berganlarga nisbatan qatʼiy chora koʻrilishini soʻroq ostiga olishgan... Ana shunaqa...
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid