Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirilishi kutilyapti

Xususan: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga pedagoglarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi; Taʼlim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilar bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi;(Amaldagi qonunchilikda ushbu huquqbuzarlikka nisbatan belgilangan jarimalar miqdori fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi)
Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishini nazarda tutuvchi normani kiritish nazarda tutilmoqda.(Amaldagi qonunchilikka koʻra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Maʼmuriy qamoqqa olish bilan bogʻliq jazo chorasi mavjud emas) Shuningdek, Jinoyat Kodesiga ham taʼlim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etgan taqdirda huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishini mustahkamlovchi yangi norma qoʻshish taklif etilmoqda. Jurnalist-huquqshunos Zafarbek Solijonov bu taklifni juda toʻgʻri va muhim qadamligini maʼlum qilgan. “Endilikda deputatlarimiz ijro hokimiyatidan hujjat ijrosini vaqti-vaqti bilan talab qilib tursa yetadi” deb munosabat bildirgan jurnalist-huquqshunos. Eslatib oʻtamiz: Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻʼba mudiri Saida Mirziyoyeva ham sal avvalroq oʻqituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va oʻquvchilar roʻyxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa boʻlganini maʼlum qilgan va oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish oʻta zarurligi, mutasaddilardan esa ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini soʻragandi.
