Surxondaryoda 145 nafar mansabdorga nisbatan maʼmuriy javobgarlik jazosi tayinlandi

"Yakunlanayotgan yilning oʻtgan davrida nazoratchilarimiz yer va kadastr sohasiga oid 1 ming 758 ta qonun buzilish holatini aniqladi", – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohrux Jumayev.Duch kelingan maʼmuriy huquqbuzarlikning eng koʻpi yoki 1 ming 67 tasi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslik sababli kelib chiqqan. 302 tasida yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, 205 tasida yer tuzish loyihalaridan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqish, 90 tasida chegara belgilarini, geodezik punktlarni va cheklov belgilarini yoʻq qilish yoki shikastlantirish holatlari aniqlangan. 79 huquqbuzar oʻzboshimcha egallagan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirgan boʻlsa, 15 tasi sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olgan. Mutaxassislar viloyatda yer bilan bogʻliq qonun buzilishlarni nazorat qilish barobarida umummilliy boylikni oʻzboshimcha egallamaslik va maqsadsiz foydalanmaslik, tegishli hujjatlarsiz qurilish ishlarini amalga oshirmaslik yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarini ham olib bordi. Oʻtayotgan yil viloyatda yer munosabatlari bilan bogʻliq qonun buzilishlar yuzasidan 145 nafar mansabdor va 1 ming 613 nafar jismoniy shaxsga maʼmuriy javobgarlik jazosi qoʻllanilgan.
