"7 nafar masʼul xodimlar vazifasidan ozod etildi". SSV "Dok-1 Maks"dan vafot etgan bolalar ishi boʻyicha maʼlumot berdi

"Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori boʻlgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati meʼyorida boʻlganda ushbu dori vositasini isteʼmol qilish qatʼiyan man etiladi", - deyiladi xabarda.Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator oʻrganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham koʻrsatdi. Ushbu modda zaharli boʻlib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy oʻzgarishlarni, yaʼni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va oʻtkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Vazirlik ishchi guruhi oʻrganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari eʼtiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va beeʼtibor munosabatda boʻlgani, bolalar oʻlimi tahlilini oʻz vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni koʻrmagani uchun 7 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi. Toʻplangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi. Ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan oʻrnatilgan tartibda qaytarib olingan. Oʻrganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining masʼuliyati masalasi Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida Hayʼat yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
