platina.uz
Jamiyat

Ozarbayjon—Oʻzbekiston Investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi

Ozarbayjon—Oʻzbekiston Investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi
Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga koʻra, uchrashuvda ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi. Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng koʻlamli kun tartibi koʻrib chiqildi. Oʻzaro savdoning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 2021 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil boshidan esa yana 52 foizga oshdi. Kelgusi davrda tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish uchun imkoniyat va resurslar mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar talabga ega mahsulotlar nomenklaturasini shakllantirish va yetkazib berishni koʻpaytirish, ikkala mamlakatlarga savdo va ishbilarmonlik missiyalarini tashkil qilish, yirik shaharlarda milliy mahsulotlar koʻrgazmalarini oʻtkazish, savdo tarmoqlarida meva va sabzavot mahsulotlarini, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli savdo shartnomalarini tuzishga kelishib oldilar. Sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sheriklik sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston-Ozarbayjon Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha qoʻshma ishlarni jadallashtirish, shuningdek, umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq boʻlgan 5 ta yirik loyihaning moliyaviy-texnikaviy jihatlarini ishlab chiqishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi. Mazkur yoʻnalishlarda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish boʻyicha Ishchi guruh tuzishga kelishildi. Yigʻilish ishtirokchilari qoʻshma korxonalarni, jumladan, avtomobillar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdi. Kun tartibida transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi ham muhim oʻrin tutdi. Ikki mamlakat hududlari orqali yuklarni, jumladan, kundalik ehtiyojdagi tovarlarni tashish hajmini bir necha barobar oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilish maqsadida Xalqaro avtomobil transporti boʻyicha Aralash komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazishning tashkiliy jihatlari kelishib olindi. Shu nuqtai nazardan, transport infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari ham qayd etildi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid