platina.uz
Tahlil

“Tizimda juda katta korrupsion sxema avj olib ketgan” — Zarifboy Ibodullayev

“Tizimda juda katta korrupsion sxema avj olib ketgan” — Zarifboy Ibodullayev
Samarqandda 15 nafar bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan “Dok-1 MAKS” tabletka va sirop dori vositalari jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi rahbari M.Q. Azizovning viloyat hokimligi Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davronbek Jumaniyozovga yoʻllagan rasmiy xati sabab boʻldi. lekarstva, proisshestviya Shundan soʻng Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan 22 dekabrdan boshlab vaqtincha Oʻzbekiston dorixonalarida “Dok-1 MAKS” tabletka va sirop dorilari sotilishi toʻxtatildi. Platina.uz bu topshiriq boʻyicha vaziyatni oʻrganish uchun poytaxt dorixonalarida oʻtkazgan surishtiruvida muhokamalarga sabab boʻlgan dorining sotuvdan olingani aniq boʻldi. Shuningdek, berilgan rasmiy munosabatda malakali mutaxassislar tomonidan ishchi guruh tuzilib, dori tarkibi oʻrganilayotgani haqida xabar berilgan. Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari Fazliddin Fayzullayevning aytishicha, bir dori isteʼmoli koʻpayganda bir xil holatlar kuzatilsa, viloyat boshqarmasiga doimiy tarzda bildirishnomalar berib boriladi.
— Menimcha, aynan Dok_1MAKS dori preparati isteʼmolidan shuncha bemor vafot etdi, degan tashxis hozircha shubha xolos. Chunki, biz faqat ota-onalarning qaysi dorilarni berganiga qarab taxminiy tashxis asosida bildirilgan bildirishnoma berganmiz, — deydi Fazliddin Fayzullayev.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2022 yil 5 oktabrda Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtal siroplaridan bolalarda oʻlim holati kuzatilgani haqida bayonot berib, ogohlantirish bilan chiqqandi. Bayonotga koʻra, JSST barcha mamlakatlarni shunday dorilarni aniqlashga va ularning sotuvini toʻxtatishga chaqirgan edi. Ushbu bayonotda nomi keltirilgan preparatlar orasida aynan “Dok-1 MAKS” tabletka va sirop dorilari yoʻq, ammo bu bizning farmsanoat masʼullarida aynan Hindistonda ishlab chiqarilgan va yurtimizda realizatsiya qilinayotgan ana shu turdagi dorilarga nisbatan hushyorlikni oshirish kerak edi, nazarimizda. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi esa JSSTning bayonoti boʻyicha quyidagilarni maʼlum qildi:
“Chindan ham, oktabr oyining avvalida JSSTning tibbiy mahsulotlarning qalbakilashtirilgani haqidagi 6/2022-sonli ogohlantirishi eʼlon qilingandi. Unda Maiden Pharmaceuticals Limited (Xaryana, Hindiston) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 4 ta preparat: Promethazine Oral Solution (prometazin, peroral eritmasi), Kofexmalin Baby Cough Syrup (“Kofeksmalin” yoʻtalga qarshi bolalar siropi), Makoff Baby Cough Syrup (“Makoff” yoʻtalga qarshi bolalar siropi) hamda Magrip N Cold Syrup (“Magrip N” shamollashga qarshi siropi) haqida soʻz borgandi. JSST tomonidan ogohlantirish eʼlon qilingan zahoti Agentlik huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologik nazorat boʻlimi mutaxassislari Oʻzbekistion Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalari reyestrini mazkur ishlab chiqaruvchi tomonidan chiqarilgan har qanday turdagi dori vositalari borligi jihatidan oʻrganib chiqishdi. Tekshiruv preparatlar nomi emas, aynan ishlab chiqaruvchi kompaniya nomi asosida olib borildi, zero, mazkur dori vositalarining Oʻzbekistonga kirib kelgan nomi va qadogʻi ogohlantirishdagidan farq qilishi mumkin edi. Tekshiruvlar natijasida JSST ogohlantirishida xabar qilingan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi Maiden Pharmaceuticals Limited (Xaryana, Hindiston) kompaniyasining birorta mahsuloti ayni damda Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilmagani maʼlum boʻldi”.

Platina.uz ham bu borada poytaxtdagi 20 ga yaqin dorixonalarda surishtiruv olib bordi va haqiqatan ham JSST sanab oʻtgan preparatlar sotuvda yoʻqligiga guvoh boʻldi.

Biroq ayni kunlarda muhokamalarga sabab boʻlgan 15 nafar bolaning oʻlimi haqiqat. Bu haqida mustaqil ekspert, shifokor, jamoatchilik faoli Zarifboy Ibodullayevning fikrlarini bilishga qiziqdik:

— Joriy yilning 2 aprelida Vazirlar Mahkamasining 149-sonli qarori qabul qilingan edi. Unga koʻra, tibbiy vositalarni shu bilan birgalikda dorilarni markirovka qilish belgilangan. Yaʼni IT texnologiyasi orqali dorining sifatini aniqlash imkoniyati bor. Bu tizim 1 sentabrdan yoʻlga qoʻyilishi kerak edi. Biroq bu narsa qilinmayapti.

Dori vositalarini sifatini nazorat qilish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligiga boʻysunadi. Menimcha, ularning faoliyati alohida qilinib, Prezident administratsiyasi huzurida boʻlishi kerak. Chunki tizimda juda katta korrupsion sxema avj olib ketgan. Sertifikatlashdan tortib, sifat nazoratini tekshirishgacha korrupsiya bor. Boʻlmasa? nega bolalar vafot etyapti, kattalarda ogʻir asoratlarga olib kelyapti?!

Vaziyat shunday davom etadigan boʻlsa, parallel ravishda mustaqil jamoat tashkilotlarini tuzish lozim. Bunda mustaqil olimlar hamjamiyati ishlab chiqarish bilan bogʻliq jarayonlarni Senat qaror chiqaradimi, ilmiy kengash bilan oʻrganib chiqaylik, deb avval ham aytgan edim, — deydi Zarifboy Ibodullayev.

[embed]https://youtu.be/86vjw_qH7ts[/embed]

Xulosa oʻrnida, keng jamoatchilikda qattiq qoʻrquv uygʻotgan va bolalarning oʻlimiga sabab boʻlgani taxmin qilinayotgan sifatsiz dori vositalari yuzasidan adolatli tarzda chora koʻrilishiga umid qilamiz.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid