Qozogʻiston bizning eng yaqin va ishonchli hamkorimiz – Shavkat Mirziyoyev

- Oʻzbek va qozoq xalqlari – nafaqat yaqin qoʻshni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻlangan qardoshlardir.Bu bizning bebaho boyligimiz, biz uni qadrlaymiz va qadrlashda davom etamiz. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xoʻjaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi boʻldi. Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgani taʼkidlandi. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari oʻrtasidagi muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Davlat rahbarlari qariyb 5 milliard dollarga yetgan oʻzaro savdo hajmi jadal ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yirik kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.




