platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston va Qozogʻiston energetika, geologiya qidiruvi va tabiiy gaz boʻyicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldi

Oʻzbekiston  va Qozogʻiston energetika, geologiya qidiruvi va tabiiy gaz boʻyicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldi
Oʻzbekiston  va Qozogʻiston Prezidentlarining  kengaytirilgan tarkibda davom ettirilgan muzokaralarida ikki tomonlama hamkorlikning oʻzagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga eʼtiborni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Xususan, oxirgi besh yilda ikki davlat oʻzaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortgan. Joriy yil yakunida esa besh milliard dollarga yaqinlashadi. Talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish maqsadida Bosh vazirlar oʻrinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qoʻshma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi. Kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilgan. Davlat rahbarilari bugun energetika, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qurilish, logistika va boshqa sohalarda yirik loyihalarga start berilishini qayd etishdi.
- Hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon boʻlishiga ishonaman, - dedi Oʻzbekiston davlat rahbari.
Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Yana bir muhim yoʻnalish – energetika. Davlat rahbarlari energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash boʻyicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar. Tranzit salohiyatidan foydalanish va uni oshirish hamkorlikning muhim sohalaridan biri sifatida qayd etildi.
Bugun biz yuk tashishlarning barqaror oʻsishiga erishdik, ikki tomonlama va tranzit tashishlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishdik. Yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish maqsadida transport infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni tezlashtirishga ahdlashib oldik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentlar parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish muhimligini taʼkidlashdi. Oʻzbekiston yetakchisi oliy darajadagi barcha kelishuvlar ijrosini monitoring qilish uchun Parlamentlararo kengash imkoniyatlaridan foydalanish zarurligini taʼkidladi.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid