platina.uz
Jamiyat

Ostona shahrida Alisher Navoiyning haykali oʻrnatiladi

Ostona shahrida Alisher Navoiyning haykali oʻrnatiladi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Davlat rahbari koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligining barcha yoʻnalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini taʼkidladi.
Xalqlarimiz tarixi va taqdiri chambarchas bogʻliq, biz etu tirnoq boʻlib ketganmiz, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shu kunlarda butun Oʻzbekiston boʻylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qoʻnonboyevning hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtayotganini eʼtirof etdi. Oʻz navbatida Qozogʻiston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etgan.
- Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozogʻiston va Oʻzbekiston mustahkam, uygʻun munosabatlarni yoʻlga qoʻydilar, - dedi Qasim-Jomart Toqayev.
Qozogʻiston yetakchisi bugun imzolanadigan shartnomalar yangi ufqlar ochishi hamda ikki mamlakatning yanada yaqinlashishga mushtarak intilishlarini toʻliq ifoda etishini taʼkidladi. Shavkat Mirziyoyevga bunyodkorona siyosati va Qozogʻiston-Oʻzbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlab, ushbu islohot Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor boʻlishiga ishonch bildirdi. Prezident Ostona shahri markazida buyuk oʻzbek shoiri, davlat arbobi Alisher Navoiy haykalini oʻrnatish haqida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi.
- Bu umumiy tariximiz va madaniyatimizga katta ehtiromning yorqin tasdigʻi, qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari abadiyligi ramzidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, davlat rahbari umumiy madaniy-tarixiy merosimizni oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, shu maqsadda TV, radio va veb-saytdan iborat qoʻshma axborot resursini tashkil etish, buyuk yozuvchi va shoirlarimiz asarlarini nashr qilishni taklif etdi. Prezident Matbuot xizmatining qayd etishicha, muzokaralar yakunida ikki davlat hukumatlariga erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini qatʼiy nazoratga olish va tegishli “yoʻl xaritasi”ni kelishish topshirilgan.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid