platina.uz
Jamiyat

"Hududgaztaʼminot " AJ isteʼmolchilarga murojaat bilan chiqdi

"Hududgaztaʼminot " AJ isteʼmolchilarga murojaat bilan chiqdi
Ushbu qish kunlarida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning dekabr oyi davomida barcha toifadagi isteʼmolchilarga 2 milliard metr kubdan ortiq tabiiy gaz yetkazib berildi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga koʻpdir. Shunga qaramasdan, dekabrning sovuq kunlarida 200 mingdan ortiq xonadon aholisi bosimning pasayishiga, 115 mingdan ortigʻi tabiiy gaz tanqisligiga duch keldi, bu esa fuqarolar oʻrtasida asosli norozilik va shikoyatlarni keltirib chiqardi. “Zangori” yoqilgʻining tanqisligi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish maqsadida tabiiy gazni sanoat korxonalari, avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalari, boshqa yirik ulgurji isteʼmolchilardan, aholiga va ijtimoiy soha obʼektlariga yoʻnaltirish boʻyicha barcha choralar amalga oshirildi. Natijada 16,4 mingdan ortiq yuridik shaxslarining gaz yetkazib berish reja jadvallariga vaqtinchalik cheklovlar va oʻzgartirishlar kiritilgan. Tejab qolingan tabiiy gaz, tanqislik bilan bogʻliq masalalarning oldini olib, 3,5 milliondan ortiq isteʼmolchilar va ijtimoiy soha obʼektlarining ehtiyojlariga yoʻnaltirilgan. Taʼkidlash joizki, «Hududgaztaʼminot» AJ doimo isteʼmolchilarni tabiiy gazdan oqilona foydalanishga va uni tejashga chaqiradi. Shunga qaramasdan mavjud vaziyatga befarqlik holatlari uchramoqda. Mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan monitoring shuni koʻrsatdiki, bitta isteʼmolchi tomonidan kuniga oʻrtacha gaz isteʼmoli 35 metr kubni tashkil qiladi. Bu hajm uyni isitish, ovqat tayyorlash va suvni qaynatish uchun yetarlidir. Shu bilan birga, «Hududgaztaʼminot» AJga onlayn tarzda kelib tushadigan hisoblagich koʻrsatkichlarining tahlili shuni koʻrsatdiki, isteʼmol hajmi kuniga 35 metr kubdan 318 metr kubgacha boʻlgan uy xoʻjaliklari mavjud. Shunday qilib, TGNHAT tizimi shuni koʻrsatdiki, sovuq kunlarda oʻrtacha 2 663 297 isteʼmolchi 35 metr kubgacha gazdan foydalanadi, bu esa kuniga 44,3 million metr kub tabiiy gaz yoki umumiy hajmning 67 foizini tashkil qiladi. Shu bilan birga, 443 002 isteʼmolchi 35 metr kubdan ortiq foydalanadi, bu esa kuniga 22,1 million metr kub gazni tashkil qiladi. Yaʼni, isteʼmolchilarning 14 foizi mamlakat aholisiga yetkazib beriladigan tabiiy gaz umumiy hajmining 33 foizini isteʼmol qiladi. Ushbu hisob-kitoblarga markaziy isitish tizimiga ega boʻlgan xonadonlar isteʼmolchilari kiritilmagan. «Oʻzgidromet» ning havo harorati pasayishi haqidagi maʼlumotlariga koʻra, aholi va ijtimoiy soha obʼektlari oʻrtasida tabiiy gaz isteʼmoli koʻpayishi kutilmoqda. Soha mutaxassislari har bir xonadon va uy xoʻjaliklariga tabiiy gaz yetkazilib berilishi, isteʼmolchilarning “zangori” yonilgʻida muammolari boʻlmasligi va shinam sharoitda boʻlishi uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Tabiiy gazni isteʼmolchilarga teng va adolatli taqsimlanishida, fuqarolarning qoʻllab-quvvatlashi hamda bevosita ishtiroki juda muhim sanaladi. Yaʼni xonadonlardagi isitish qozonlari harorati va termoregulyator tezligini biroz pasaytirilishi, “zangori” yoqilgʻidan birlamchi ehtiyoj uchun foydalanilishi, shuningdek, ehtiyojdan ortiqcha gaz uskunalaridan foydalanmaslik, gaz taʼminotida uzilishlar kuzatilayotgan uy xoʻjaliklaridagi muammolarni oldini olishga yordam beradi. Shu munosabat bilan «Hududgaztaʼminot» AJ hurmatli isteʼmolchilarni mavjud vaziyatni toʻgʻri tushungan holda, tabiiy gazdan imkon darajasida oqilona foydalanishga chaqiradi. Gaz taʼminoti boʻyicha barcha turdagi muammo, savol va takliflarni 1104 kall-markazi yoki 104 qisqa raqamlariga qoldirishingiz mumkin. Gaz taʼminoti korxonalari mutaxassislari tomonidan har bir murojaat joyiga chiqqan holda oʻrganilib, tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun zarur choralar koʻriladi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid