platina.uz
Jamiyat

BMT boʻlinmalari va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning hozirgi darajasi yuqori baholandi

BMT boʻlinmalari va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning hozirgi darajasi yuqori baholandi
20 dekabr kuni Oʻzbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi Ijroiya direktori tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari missiyalari rahbarlari, BMT agentliklari va boshqa  davlatlar vakillari ishtirokida tashkil etilgan ochiq brifingda ishtirok etdi. Ishtirokchilar BMT boʻlinmalari va Markaziy Osiyo davlatlari, birinchi navbatda, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning hozirgi darajasini yuqori baholadilar. BMT shafeʼligida 2022 yilning mart va oktabr oylarida mos ravishda Toshkent va Dushanbe shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalar natijalari ijobiy baholandi. Shuningdek, sentabr oyida boʻlib oʻtgan ShHTning Samarqand sammiti va noyabr oyi boshida Toshkentda boʻlib oʻtgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi yakunlari eʼtirof etildi. Brifingda Oʻzbekistonning BMTdagi Muvaqqat ishlar vakili Nurilla Abdullayev 2021-2026 yillarda Oʻzbekistonning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Milliy strategiyasini kompleks, inklyuziv va izchil yondoshuvga asoslangan holda faol va huquqni qoʻllash choralari orqali samarali amalga oshirish boʻyicha maʼlumot berdi. Shuningdek, samarali profilaktika chorasi sifatida madaniyatlararo va dinlararo muloqotni kuchaytirish, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarni buzgʻunchi mafkuraviy taʼsirlardan asrashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Yigʻilish ishtirokchilariga joriy yilning mart oyida boʻlib oʻtgan Toshkent konferensiyasi natijalari, uning davomida Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyani amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasining 4-bosqichi boshlangani, shuningdek, 2023 yilda BMT shafeʼligida Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining «Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik» maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganining 5 yilligiga bagʻishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya oʻtkazish rejalari haqida maʼlumot berildi. Afgʻonistondagi vaziyat va bu davlat yana xalqaro terrorchilar markaziga aylanishining oldini olish muhimligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qayd etilishicha, sanksiyalar siyosatining keskinlashuvi va amaldagi afgʻon hukumatining yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga va uning terrorchilik tashkilotlari bazasiga aylanishiga olib keladi. Shuning munosabati bilan,  Afgʻonistondagi vaziyatni hal etishning samarali mexanizmi sifatida Oʻzbekiston Prezidentining BMT shafeʼligi va koʻmagida ushbu mamlakat rasmiylari bilan bosqichma-bosqich amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun muloqot platformasi sifatida yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish tashabbusi taqdim etildi.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid