platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston-Qozogʻiston mintaqaviy biznes forumida 3 milliard dollardan ortiq  kelishuvlar imzolandi

Oʻzbekiston-Qozogʻiston mintaqaviy biznes forumida 3 milliard dollardan ortiq  kelishuvlar imzolandi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga koʻra,  unda ikki mamlakat asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralarining 400 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi. Anjumanning ochilish marosimida Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin nutqlari tinglandi. Delegatsiyalar rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash ijobiy dinamikaga ega ekanligini taʼkidlashar ekan, bu borada ishbilarmon doiralarning faol oʻzaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd qildilar. Ishtirokchilar eʼtibori oʻzaro tovar ayirboshlashning oʻsish dinamikasiga qaratildi, soʻnggi yillarda bu koʻrsatkich ikki baravar koʻpayib, 5 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu koʻrsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi. Investitsiya hamkorligi va sanoat kooperatsiyasi sohasida ham dinamik oʻsish kuzatilmoqda. Oxirgi 5 yil ichida mamlakatimizda Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 barobarga koʻpaydi va bugungi kunda deyarli 1200 tani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq boʻlgan 30 dan ortiq qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yoʻnalishlarda bevosita hududlararo aloqalarni kengaytirish, ikkala mamlakat hududida Oʻzbekiston va Qozogʻiston viloyatlarining sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkalarini oʻtkazish, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, kimyo va toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. -Xalqaro bozorlarga mahsulotlarimizni olib chiqish maqsadida qiyosiy ustunliklarimiz asosida yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi Jamshid Xodjayev. -Biz oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz. Mamlakatlarimizda buning uchun zarur boʻlgan sanoat, texnologik, mehnat resurslari va tabiiy boyliklar mavjud. Ishonchim komilki, oʻzaro kelishib, gʻayrat bilan hamkorlikda ish olib borib, biz Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqa olamiz. -Oʻzbekiston biz uchun Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkordir, - dedi Serik Jumangarin. - Mamlakatlar oʻrtasida tobora rivojlanib borayotgan savdo aloqalari doʻstona munosabatlarimizning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Qozogʻiston Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Forumning oʻtkazilishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va jahon bozorida Markaziy Osiyo brendlarini yaratish muhimligining yana bir isbotidir. Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari taqdimot oʻtkazdilar. Ularda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va hamkorlikda amalga oshirishga moʻljallangan tayyor istiqbolli loyihalar taklif etildi. Shuningdek, tadbir davomida boʻlib otgan «B2B» va «G2B» muzokaralari chogʻida oʻzaro hamkorlikning moliyaviy-texnik jihatlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi. Tadbirlar yakunida delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga sodiqliklarini bildirdilar. Forum yakunlari boʻyicha Samarqand va Turkiston shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida Bitim, qishloq xoʻjaligi sohasiga doir investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini mujassam etgan alohida «Yoʻl xaritasi», shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlar imzolandi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid