Oiladagi zoʻravonlik, ayollar oʻlimi, yetim qolgan bolalar...

Saida Mirziyoyeva: “Jamiyatimizning aksariyat qismi anʼanalarni qonunlardan ustun qoʻyadiYaqinda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik mavzusidagi xalqaro konferensiyada Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻʼba mudiri Saida Mirziyoyeva ham mazkur masalada ogʻriqli muammoni ochiq aytdi:
Agar mendan “Soʻnggi 7 yil ichida jamoangiz bilan qaysi muammoni eng koʻp muhokama qilgansiz?”, deb soʻrashsa, hech ikkilanmasdan “Tengsizlik va zoʻravonlik muammolari”, degan boʻlar edim. Nega bu mavzu biz uchun juda muhim? Nega ushbu vaziyatdan chiqish yoʻlini tinimsiz, astoydil qidiryapmiz? Xalqaro institutlarga murojaat qilib, ulardan koʻmak soʻrayapmiz va tajribalarini oʻrganyapmiz? Loyiha ketidan loyiha muammolarini oʻrganyapmiz? Lekin barcha harakatlariga qaramay, bu borada hali biror bir arzigulik oʻzgarish boʻlgani yoʻq nazarimda. Gender tenglik va resurslardan barobar foydalanish har qanday farovon jamiyatning asosidir. Rivojlangan mamlakatlarga qarab ularning yutuqlariga havas qilamiz. Biz ham sivilizatsiyalashgan jamiyatga oʻxshash hayotni istaymiz. Koʻp narsalar xuddi gʻarbdagi kabi boʻlishini xohlaymiz, qaniydi mamlakatimizda ham taraqqiyot shu darajada boʻlsa deymiz. Biroq, afsuski jamiyatimizning aksariyat qismi anʼanalarni qonunlardan ustun qoyadi. Bizning zaif tomonimiz ham aynan shundadir.Haq gap! Aks holda bugun kunda kunora oiladagi ayollarga, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonliklar qulogʻimizga chalinmasdi. Maʼlumot uchun: 2021 yilning oʻzida oʻzida 39 mingdan oshiq xotin-qiz zoʻravonlikka uchragan. Bu yil vaziyat qanday? Mazkur masalada bu yilgi vaziyat ham avvalgilaridan qolishmaydi. Hali yillik hisob maʼlum emas-u, ammo oʻzimiz eshitgan, bilgan voqealar hali bu borada muammolar talaygina borligini koʻrsatishi aniq. Masalan, joriy yilning may oyida ijtimoiy tarmoqlarda qaynona kelinining koʻkragiga pichoq sanchib oʻldirgani haqidagi video tarqaldi. Bosh prokuratura mazkur holat toshkent shahrida kuzatilgani va qaynona va 3 nafar farzandi boʻlgan kelini bilan oʻzaro oilaviy kelishmovchilik sababli janjallashganini maʼlum qilgandi. Voqea tafsilotiga koʻra, janjal davomida qaynona oshxona pichogʻi bilan kelinining chap koʻkrak qismiga pichoq sanchgani va shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramasdan kelin shifoxonada vafot etgan. Samarqandda oʻz joniga qasd qilgan kelin Yana bir ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan holatda esa Samarqand shahrining “Bogʻbonlar” mahallasida yashovchi kelin oʻz joniga qasd qilgan. Samarqand viloyat prokuraturasi joriy yilning iyun oyida sodir boʻlgan voqea haqida Samarqand shahri “Bogʻbonlar” mahallasi Yangravot koʻchasida yashovchi kelin “uksus kislotasidan oʻtkir zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilib, tibbiy yordam koʻrsatilganiga qaramasdan jonlantirish boʻlimida vafot etganini maʼlum qilingan. Fargʻonalik qaynotaning keliniga nisbatan zoʻravonligidan yoqa ushlaysan Ikki oy avval Fargʻonada qaynota kelinini qasddan oʻldirganligi haqidagi xabarni oʻqigan borki, vujudi bir titragan boʻlsa ajabmas. Negaki voqea tafsilotiga koʻra, 64 yoshli qaynota kelini bilan janjallashib qolib, avvaliga urib hushidan ketkizgani kamlik qilgandek, hatto boshini tanasidan judo qilgan. Bosh prokuratura esa mazkur holatni tasdiqlagan. Turmush oʻrtogʻini qasddan oʻldirgan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi Uzoqqa bormaylik, joriy yilning 9 dekabr sanasida Bosh prokuratura tasdiqlagan yana bir holat ayollarga nisbatan zoʻravonlikning avj nuqtasi deyish mumkin. Bosh prokuratura Andijon vilyaotining Asaka tumanida oilaviy kelishmovchilik tufayli erkak turmush oʻrtogʻini qasddan urib oʻldirganini maʼlum qildi. Achinarli voqea tafsilotiga koʻra, erkak xotinini temir obdasta bilan urib oʻldirgan. Maʼlumot uchun: Joriy yilning coʻnggi 7 oyida Bosh prokuratura tomonidan maʼlum qilingan va jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov ishlari boshlangan 7 holatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik qayd etilgan. Tegishli qoʻmita nega jim? Bunday holatlarning tag zamirida aynan qizlarning erta turmushga uzatilishi, ularning fikrlashi, oq-qorani farqlashi uchun imkoniyat berilmasligi, ota-onalarda koʻproq qiz bolani tezroq turmushga berib, yelkasidan “yuk”ni agʻdarishga boʻlgan intilish yotibdi. Hatto qiz bolani ertaroq turmushga berish uchun “tengi chiqsa tekin ber” maqolini oʻz qarashlariga moslashtirib olganlari ham yoʻq emas. Shu bois Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik mavzusidagi xalqaro konferensiyada jamiyatdagi bu illat oqibatlariga befarq boʻlmagan jamoatchilik faoli Barnogul Sanaqulova Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamovani zoʻravonlikka doir tizimli muammolarga jim qarab turganlikda aybladi.
“Bugun qonunlarni tahlil qilsak, ularni zoʻravonning oʻzi yoki advokati yozgandek. Jazoga hukm qilingan zoʻravon qamoqdan 1,5 yoki 3 yilda chiqib keladi. Juda borsa, qandaydir jarimalar bilan qutulib ketishi ham mumkin va yana zoʻravonlik qilishda davom etishi ham mumkin. Zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha qonunlarni monitoring qildik, kiritiladigan oʻzgartishlar boʻyicha hujjat tayyorlandi, lekin nega haligacha qonun qabul qilinmayapti? Bir oyda 7 ta ayolni oʻldirishyapti, lekin saytingizda ularning birortasi haqida maʼlumot yoʻq. Holbuki, ommaviy axborot vositalari bu haqida toʻxtamay yozilyapti. Nega birortasiga qoʻmita raisi sifatida oʻz munosabatingizni bildirmayapsiz? Faqat rasmga tushish, koʻrgazmalar oʻtkazish kabi tadbirlardan ortmayapsiz?” – dedi Barnogul Sanaqulova.Maʼlumot uchun, BMT maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda ayollarning har uchinchisi gender zoʻravonlikka uchrab kelmoqda. Afsuski, oxirgi 10 yil davomida bu koʻrsatgich oʻzgarmayapti. Achinarlisi, har soatta 5 nafardan ortiq ayol yoki qiz oʻz oila aʼzolari zoʻravonligi oqibatidan hayotdan koʻz yumishmoqda. Yana bir mulohaza Ijtimoiy nuqtai nazardan qaralganda, koʻpchilik oilalarda ayol va erkaklarning roli taqsimlanganda koʻpincha erkak oila boshligʻi va asosiy boquvchi, ayol esa parvarish va gʻamxoʻrlik timsoli sifatida qaraladi. Oiladagi qiz bolalarning hatto orzulari ham hech kimni qiziqtirmaydi. Oʻqish, oʻrganish, biror malakaga ega boʻlib, kelajakda qoqilmasligi uchun intilishlari bilan oiladagi kattalarning ishi yoʻq. Axir qizlar ertangi kelajak tarbiyachilari, ular farzand tarbiyasi uchun avvalo oʻzlari oʻz qarashlariga, fikrlariga ega boʻlishi juda muhim aslida. Yaʼni soʻnggi vaqtlarda gender tenglik deganda koʻpincha erkak va ayollarning faqatgina oiladagi oʻrnidan kelib chiqib fikrlaydigan toifalar mavjudki, bu oʻz-oʻzida jamiyatda ushbu jarayonning jadal tatbiq etilishiga soya solayapti, deyish mumkin. Soʻnggi vaqtlarda oilalarda uchrayotgan nizolarning asosida aynan xotin-qizlarning oʻz vaqtida orzulari poymol boʻlgani, deylik qaysidir ishning boshini tutishiga yoki biron bir yoʻnalishda tahsil olib oʻz imkoniyatlarini namoyon qilishga, oʻzini oʻzi iqtisodiy asosini yaratishga boʻlgan toʻsiqlar sabab. Yaʼni koʻp nizolar oila erkaklarining mening otamga eʼtiroz bildirganlar kabi “qiz bola oʻqishi shart emas” yoki “ishlab dunyo olib berarmiding”, mazmunidagi dakkilar bilan qizlarimizning orzulariga quloq tutmasdan, birinchi navbatda turmushga uzatishni asosiy deb qaralishi oqibati bilan bogʻlanishi sir emas. Koʻpincha aksariyat oilalarning erkaklari xotin-qizlar tomonidan ilgari surilgan tashabbus yoki takliflarga ayollarga nisbatan “tovuq miya” degan atama ishlatishadi. Ularning nazarida ayol oilada shunchaki ijrochi. Uning fikrlashga haqqi yoʻq. Eng achinarlisi, xotin-qizlarga nisbatan boshida eri boʻlsa, oʻqib ishlab nima qiladi degan xom tushuncha ham koʻp oilalarda hamon yetakchi. Hatto koʻp hollarda ishlash istagidagi ayollarga nisbatan esa erlari tomonidan agar oilani ham, ishni ham birdek eplasang, ishla degan shartlarning qoʻyilishi esa xotin-qizlarga nisbatan tazyiqning bir koʻrinishi, deyish mumkin. Ammo oiladagi xotin-qiz ham inson, uning ham orzu qilishga, fikrlari, qarashlari bilan jamiyatning faol ishtirokchisi boʻlishga haqli. Xoʻsh, bu borada yechimlar nimada koʻrinadi? Muammoning yechimi nimada? Bu borada Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik mavzusidagi xalqaro konferensiyada Saida Mirziyoyeva aniq taklifni bildirdi: Yangi lavozimga kelishim bilanoq avvalo, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikni oʻrgana boshladim. Barcha qonunlarimiz tenglikka asoslangan. Lekin biz zoʻravonlikka nisbatan juda sabrlimiz. Menimcha endilikda zoʻravonlikning har qanday koʻrinishdagi ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning oʻzi qarshi ekanligiga urgʻu berishimiz lozim. Oiladagi zoʻravonlik faqat bir oilaning ichki ishi emas, bu muammo, bu masuʼliyat butun jamiyatga tegishlidir ayol oʻz dardi bilan yolgʻiz qolib ketmasligi kerak. Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Bu borada bolalar va oʻsmirlarni himoya qilishni aniq va qatʼiy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Oiladagi zoʻravonlikni rostmana jinoyat deb baholash vaqti keldi. Toʻgʻri, erkaklar kuchli va jasur boʻlishiga shubha yoʻq, ammo... Birinchi navbatda gender tenglik bu nafaqat ayollar, balki jamiyatdagi har bir insonning roli, masʼuliyati, cheklovlari va imkoniyatlari teng huquqlarda taqsimlanishi ekanligini tushuntirish. Yaʼni bilim olish, ishlash, kelajak uchun iqtisodiy imkoniyatlarga hissa qoʻsha olish, fikrlash, tashabbus koʻrsatish kabi... Xoh erkak boʻlsin, xoh ayol, jamiyatning har bir aʼzosi aqli salohiyati ustida ishlashi, bilim va koʻnikmalarini oshirishi va buning natijasida farzandlari kelajagi, ularning tarbiyasi uchun ham namuna boʻla olishini tushuntirish ayni muddaodir. Negaki erkaklar kuchli, jasur va tajribali rahbar boʻlishiga shubha yoʻq, ammo ayollar ham oʻz oʻrnida faqat yaxshi ijrochi, oila uchungina yaratilgan, u oʻqish, ishlash va boz ustiga karera qilishi shart emas, degan maqomlarga munosib emas! xotin-qizlar ham orzu qilishga va uning roʻyobi uchun intilishga haqli! Shu oʻrinda bir rivoyatni keltirishni joiz topdim: rivoyat qilinishicha, bir kishi hakimlardan birining huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir oʻgʻlim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini oʻqitishga qurbim yetmaydi, faqatgina bittasini oʻqitishga imkonim bor, qaysi birini oʻqitay?” deb soʻrabdi. Shunda hakim zot: “Qizingni oʻqit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar oʻgʻlingni oʻqitsang, bir kishini oʻqitgan boʻlasan, ammo qizingni oʻqitsang, butun bir jamiyatni oʻqitgan boʻlasan”, deb javob bergan ekan. Demak, xotin-qizlarimizni orzulariga yoʻl bering, ular butun millat davomchilaridir.
