platina.uz
Jamiyat

Ijtimoiy sohalarga koʻproq mablagʻ ajratiladi

Ijtimoiy sohalarga koʻproq mablagʻ ajratiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida dastlab «2023 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisidagi»gi qonun loyihasini koʻrib chiqdi. Taʼkidlanganidek, 2023 yilda ijtimoiy soha xarajatlari yana oshiriladi. Xususan, maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga byudjetdan 11,0 trln soʻm yoki 2022 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 10,7 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Umumiy oʻrta taʼlim xarajatlari 37,0 trln soʻmni yoki 2022 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 13,5 foizga oshgan holda Davlat byudjeti jami xarajatlarining 14,3 foizini yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim xarajatlari 10,4 trln. soʻmni yoki 2022 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 31,5 foizga koʻp mablagʻ yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Muhokamalar chogʻida fraksiya aʼzolari qonun loyihasining har bir moddasini sinchiklab tahlil qildi va hukumat vakillarini ayrim masalalarda savolga tutdi. Qaysidir xarajatni koʻpaytirish, qaysinidir kamaytirish boʻyicha oʻz takliflarini berdi. Shuningdek, byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, vazirliklar, davlat idoralari uning har bir soʻmidan samarali foydalanish lozimligi yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, qonun loyihasini maʼqulladi. Shundan soʻng fraksiya aʼzolari «Davlat boji toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini muhokama qildi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi orqali kelgusida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlarining ortiqcha xarajatlarga sarflanishining oldi olinadi. Eng muhimi, byudjet tizimlari mablagʻlaridan oqilona foydalaniladi. Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini koʻrib chiqish jarayonida uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Oʻz navbatida, loyihadagi ayrim normalar yuzasidan turli savollarni oʻrtaga tashlashdi. Yigʻilishda koʻtarilgan barcha savollarga batafsil javoblar olingach, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Fraksiya yigʻilishida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid