platina.uz
Jamiyat

Kelgusi yilda hududlarda qariyb 8 milliard dollarlik 300 ga yaqin yirik loyiha ishga tushiriladi

Kelgusi yilda hududlarda qariyb 8 milliard dollarlik 300 ga yaqin yirik loyiha ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda kutilayotgan va 2023 yilga moʻljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5 foizga oʻsishi, eksport 13 foizdan koʻproq oshib, 19 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Davlat siyosatida aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadi ustuvor boʻlib qolmoqda. Jumladan, 2022 yilda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga byudjetdan 8 trillion soʻm yoʻnaltirildi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 8 millionga yaqin aholi takliflaridan kelib chiqib, mahallalardagi loyihalarga 2,5 trillion soʻm ajratildi. Bunda hududlarning qoʻshimcha iqtisodiy imkoniyatlaridan shakllangan 16,5 trillion soʻm ham hududlar infratuzilmasini yaxshilashga yoʻnaltirildi. 2023 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi kamida 5,3 foizga oʻsishi prognoz qilinmoqda. Dunyoda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatda kelgusi yil ham asosiy maqsad yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, inflyatsiyaning keskin oshib ketishining oldini olishga qaratiladi. Yigʻilishda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi turmush tarzini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilab berildi. Xususan, kelgusi yilda sanoatda 5,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 3,5 foiz, xizmatlar sohasida 14,1 foiz oʻsishga erishish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, aniqlangan zaxiralar hisobiga sanoat ishlab chiqarishi hajmini qoʻshimcha 12 trillion soʻmga oshirish imkoniyati koʻrsatib oʻtildi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga 10 trillion soʻm ajratiladi. Iqtisodiyotga banklar hisobidan 200 trillion soʻm kredit va xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar uzoq muddatli resurs jalb qilinadi. Kelgusi yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlarni 19 foizga oshirib, qariyb 10 milliard dollarga yetkazish hamda 8 milliard dollarlik yangi yirik loyihalarni boshlash boʻyicha vazifalar belgilandi. Shuningdek, kelgusi yilda hududlarda qariyb 8 milliard dollarlik 300 ga yaqin yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu, oʻz navbatida, hududiy sanoatni 11 foizga oshirishga imkon beradi. Yigʻilishda 2023 yilda 18 milliard dollarlik tarmoq va hududlar eksporti rejasi ham taqdimot qilindi. Jumladan, hududiy eksportni 60 foizga oshirib, qariyb 10 milliard dollarga yetkazish reja qilinmoqda. Davlat rahbari elektr texnikasi, toʻqimachilik, qurilish materiallari, charm sanoati, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika kabi sohalar eksportini kamida 50-60 foizga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid