platina.uz
Jamiyat

Niderlandiya bilim va texnologiyalari Oʻzbekiston mevachilik tarmogʻiga kirib kelmoqda

Niderlandiya bilim va texnologiyalari Oʻzbekiston mevachilik tarmogʻiga kirib kelmoqda
Bu haqda xabar bermoqda “Dunyo” AA. Mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi “Oʻzbekiston mevachilik tarmogʻi uchun smart yechimlarni yaratish” loyihasi doirasida Niderlandiya kompaniyalarining konsorsium tuzish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimida ishtirok etdi. Aytish joizki, “Oʻzbekiston mevachilik tarmogʻi uchun smart yechimlarni yaratish” loyihasi Niderlandiya tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash agentligi (RVO) bilan ushbu mamlakatning qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi toʻqqizta kompaniyasi oʻrtasida ilgari surilgan tashabbusdir. Undan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning mahalliy va eksport bozorlaridagi meva yetishtirish va marketingini amalga oshirishda niderland yondashuvlarini joriy etishga koʻmaklashishdan iborat. Videokoneferenaloqa shaklida oʻtgan tadbirda Niderlandiya tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash agentligi, Niderlandiya tashqi ishlar va qishloq xoʻjaligi vazirliklari, ushbu mamlakatning Ostona shahridagi elchixonasi, loyihada ishtirok etayotgan niderland kompaniyalari vakillari, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlari, Toshkentdagi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti rahbariyati, boshqa tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida “Oʻzbekiston mevachilik tarmogʻi uchun smart yechimlarni yaratish” loyihasi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarga toʻla mos kelishi va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli meva mahsulotlarini dunyo bozorida ilgari surishga oʻz hissasini qoʻshishi taʼkidlandi. Niderlandiya tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash agentligining xalqaro biznes va hamkorlik boʻyicha menejeri Annemike Brusterxauzen istiqboldagi sheriklik Oʻzbekiston va Niderlandiya hukumatlari, ishbilarmon doiralari, taʼlim muassasalari hamda kompaniyalari oʻrtasida mevachilik sohasida barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganini taʼkidladi. “Loyiha ishtirokchilari Niderlandiya meva yetishtiruvchilari tarmogʻining yorqin vakillari boʻlib, ular Oʻzbekistonda mevalarning kasalliklarga chidamli navlarini yaratish, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, intensiv bogʻlarni loyihalashtirish, terimdan avval, terim paytidagi va terimdan keyingi jarayonlarni takomillashtirish, zamonaviy qadoqlash texnologiyalarini joriy etish kabi yoʻnalishlarda katta tajribaga ega”, - dedi   Annemike Brusterxauzen. Bundan tashqari, loyiha doirasida tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda hosildorlikni oshirish, bogʻdorchilikning barqaror va integratsiyalashgan tarmoqlarini yaratish yondashuvlarining koʻlamini kengaytirish, meva mahsulotlarining taʼminot zanjirlarini rivojlantirish borasidagi bilimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish yoʻnalishlarida hamkorlik amalga oshiriladi. Shuningdek, Oʻzbekistonning uchta mintaqasida uchta sinov dalasi yaratilib, barcha amaliy tadbirlar mana shu dalalarda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston tomonidan loyihada Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Toshkentdagi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti ishtirok etmoqda. Konsorsium tarkibiga Niderlandiyaning qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritadigan Evers International, Fleuren Boomkwekerij, Verbeek Boomkwekerijen, FALL CREEK, Puijk Group, Koppert Biological Systems, VGB Watertechniek, Hol Spraying Systems, Geerlofs, Aweta G&P BV kabi kompaniyalari kiritilgan boʻlib, ular meva yetishtirish jarayonining boshidan oxirigacha boʻlgan bosqichlarini qamrab olgan va oʻz tarmoqlarida yetakchilardan sanaladi. Loyiha uch yilga moʻljallangan boʻlib, amalga oshirilishi davomida unga yangi kompaniyalar kelib qoʻshilishi va qamrab olinadigan sohalar koʻlami yanada kengayishi kutilmoqda.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid