platina.uz
Jamiyat

Janubiy Koreya kompaniyalari Fargʻonadagi loyihaga 2 mln dollar investitsiya kiritadi

Janubiy Koreya kompaniyalari Fargʻonadagi loyihaga 2 mln dollar investitsiya kiritadi
Janubiy Koreya - Oʻzbekiston ishbilarmonlar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning joriy yil 15-18 dekabr kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi. Tashrif davomida Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar assotsiatsiyasi rahbari Edvard Kim hamda «Edulink Global» kompaniyasi prezidenti Chungrim Xanni qabul qildi. Uchrashuvda «Edulink Global» kompaniyasi tomonidan Fargʻona shahrida barpo etishga kirishilayotgan, innovatsion taʼlim tizimiga asoslangan va yuqori darajada ingliz tili oʻrgatishga ixtisoslashgan zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi loyihasini amalga oshirish jarayonlari bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Muassasani barpo etish ishlari 2023 yil boshida boshlanishi, qurilish ishlari bilan birga jihozlar keltirishga hamda mutaxassislarni tayyorlashga ham kirishilishi maʼlum qilindi. Dastlabki bosqichda 400 oʻrinli boʻlishi rejalashtirilgan ushbu maktabgacha taʼlim tashkiloti kelgusi yil oktabr oyiga qadar foydalanishga topshiriladi. Mazkur loyiha «Edulink Global» kompaniyasi tomonidan ajratiladigan 2 million dollar miqdoridagi investitsiyasi hisobiga amalga oshiriladi. Shuningdek, Fargʻona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksportga tayyorlashga ixtisoslashgan «Uz-Segang» MChJ Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma korxonasi rahbari X.Normatov hamda korxonaning koreyalik investorlari San Von Yun va Gi Pxyon Lim bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida «Uz-Segang» korxonasi faoliyatini yanada rivojlantirish, qoʻshimcha xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirish, Fargʻona meva-sabzavotlarining jahon bozorlariga eksporti geografiyasini va hajmini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Koreyalik investorlar hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish yoʻlida tegishli ishlarni olib borishga tayyorligini bildirdi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid