platina.uz
Jamiyat

BMT Bosh assambleyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusini qoʻllab-quvvatladi

BMT Bosh assambleyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusini qoʻllab-quvvatladi
14 dekabr kuni BMT Bosh assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi. Ushbu rezolyutsiyani qabul qilish taklifi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yilda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan edi. Rezolyutsiyada COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslikni taʼminlagan holda keng koʻlamli, barqaror va izchil tiklanishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamjihatlik, birdamlik va har tomonlama hamkorlikka sodiqlikni mustahkamlashda parlamentlarning muhim oʻrni qayd etiladi. Bosh assambleya davlatlarni parlamentlarni qoʻllab-quvvatlashga, ularni BRMga erishish boʻyicha kelgusi faoliyat va ularning erishilishini kuzatish jarayonlariga, ayniqsa, ixtiyoriy milliy maʼruzalarni tayyorlashga jalb qilish, shuningdek, milliy masʼuliyat va hisobdorlikni taʼminlash va kuchaytirish uchun ularga yordam berishga chaqiradi. Xotin-qizlarning qonun chiqaruvchi organlar ishida va parlament jarayonlarida toʻliq, teng huquqli va taʼsirchan ishtirokiga koʻmaklashish orqali BRMga erishishni jadallashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning markaziy omili sifatida gender tenglikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. 2030 yilga qadar boʻlgan davrdagi kun tartibining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yoshlarning oʻrni va hissasi muhimligi, yoshlarning parlament jarayonlarida toʻliq, teng huquqli va taʼsirchan ishtirokini taʼminlash zarurligi eʼtirof etilgan. Dunyoning barcha qitʼalaridagi 80 ta davlat, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Avstriya, Bangladesh, Bahrayn, Belgiya, Germaniya, Jazoir, Ispaniya, Indoneziya, Italiya, Kolumbiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Norvegiya, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Singapur, Finlyandiya, Fransiya, XXR, Shvetsiya, Yaponiya, Qatar va boshqalar hujjatning hammualliflari boʻldi. BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar rezolyutsiyani olqishladilar. Rezolyutsiya parlamentlar uchun oʻziga xos dasturilamal boʻlishi, BRMni jadal amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarini faollashtirishi qayd etilmoqda. Parlamentlararo ittifoq ushbu hujjatni 2023 yil sentabr oyida BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining Oliy darajadagi haftasi doirasida boʻlib oʻtadigan BRM sammitiga tayyorgarlik yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholadi.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid