platina.uz
Tahlil

Madaniyat vazirligi huzuridagi palata xususiy teleradiokanallar daromadidan ulush undirmoqchi

Madaniyat vazirligi huzuridagi palata xususiy teleradiokanallar daromadidan ulush undirmoqchi
Prezidentning 2020 yil 26 mayda “Madaniyat, sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil qilingan. Madaniyat vazirligi bu palata faoliyatining dastlabki bosqichlarida uni qoʻllab-quvvatlash uchun 1 mlrd. soʻm ajratgan. Palata xonandalarning mualliflik huquqini himoya qilishi belgilangan (intellektual mulk boʻyicha Adliya vazirligi va qonunchilik yana jim qarab oʻtiradi). Palata ochilishidan asosiy maqsad — u hamma qoʻshiqchilar bilan shartnoma tuzishi va qaysi biridan foydalansa, shunga summa (foydadan maʼlum miqdorda ulush) chiqarib berishi kerak. Deylik, biror xususiy telekanal efir vaqtining 11 foizi musiqa boʻlsa, undan 1 yilda 450 mln. soʻm daromad koʻrsa, shundan 1 foiz ulush, yaʼni 4,5 mln. soʻm palataga berilishi lozim. Endi telekanalning yillik daromadi ancha katta mablagʻ boʻladi. Masalan, 20 mlrd. soʻm deylik (baʼzi kanallarda 30 mlrd.dan 100 mlrd.gacha). Uning bir foizi 200 mln. soʻm boʻladi. Xoʻsh, yiliga 50 mlrd. foyda koʻrgan telekanalning xarajatlariyam shunga yarasha: aytaylik, bir oyda kamida 4 mlrd. Misol uchun, chastota toʻlovining oʻzi oyiga 300 mln. soʻm. Poytaxtdagi FM radiolaridan birida ishlaydigan xodimning maʼlum qilishicha, 2 yil oldin kimningdir tashabbusi bilan ochib qoʻyilgan va shu vaqtgacha bor-yoʻqligi sezilmagan palata xususiy teleradiokanallarni shartnoma qilishga va yillik daromadining 1 foizini ajratishga majburlayapti. Shu yerda bir qator savollar paydo boʻladi: palatada xususiy TV va radiolar ishiga aralashish hamda ulardan yigʻim undirish vakolati bormi? Bir paytlar Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlardan majburiy yigʻim undirmoqchi boʻlgani esga tushib ketdi. Palata teleradiokanallarni shartnoma tuzishga majburlash va bunda har xil davlat tashkilotlari taʼsir kuchidan foydalanish niyatida ekan, unda:
  • nega palata kimlar bilan shartnoma tuzgani roʻyxatini taqdim etmagan (balki ularning roʻyxatidagi sanʼatkorlarning musiqiy asarlaridan hech qaysi teleradiokanal foydalanmas)?
  • agar pul undirmoqchi ekan, nega umumiy daromadning efirdagi musiqiy asarlardan foydalanish nisbati olinmayapti? Deylik, bir TV kanal bir yilda 10 mlrd. soʻm topgan, efirining 10 foizi musiqa, shu 10 foiz musiqadan 5 foizida palata bilan shartnoma imzolagan mualliflarning asaridan foydalanilgan, demak, 1 yillik toʻlov 5 mln. soʻm (10 mlrd x 10foiz = 1 mlrd x 1foiz = 10 mln., uning yarmi 5 mln.). Butun dunyoda foydalanilgan xizmat uchun toʻlanadi.
  • nega davlat byudjetidan yuzlab milliard oladigan MTRK kanallari va har bir tiyin uchun chumoliday mehnat qilayotgan nodavlat teleradiokanallarga talab bir xil?
Biz hech kimni yoqlab, oqlamoqchi emasmiz. Ammo pul yuvish uchun ochilgan va hanuz ochilayotgan jamgʻarmayu palatalarning maqsadi nima oʻzi? Mualliflik huquqi buzilsa, intellektual mulk boʻyicha qonunchilik bor. 2020 yilgacha, yaʼni palata tuzilguncha telekanallar qoʻshiqchilar bilan shartnoma tuzib, kelishib ishlagan. Hech kimning huquqi toptalmagan. Mayli, palata zoʻr ishlagan yo ishlayotgan boʻlsa, soʻnggi 2 yillikdagi faoliyati ochiqlansin. Koʻraylik, kimning qanaqa huquqini tiklagan, qancha pul undirgan, olayotgan ulushlari qayerlarga sarflangan? Madaniyat vazirligi bergan 1 mlrd. pul nimalarga ishlatilgan? Savollar juda koʻp, javob beradigan mard bormi? Tahririyatdan: Platina.uz ikkinchi tomonga ham minbar berishga va munosabat bildirilganda eʼlon qilishga tayyorligini maʼlum qiladi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid