platina.uz
Jahon

Trampning kompaniyasi soliq organlarini aldaganlikda aybdor deb topildi

Trampning kompaniyasi soliq organlarini aldaganlikda aybdor deb topildi
AQSh sobiq prezidenti Trampning kompaniyasi - The Trump Organization LLC 1,6 million dollargacha jarimaga tortilishi mumkin, hukm 13 yanvar kuni chiqariladi. AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning koʻchmas mulk kompaniyasi boʻlgan The Trump Organization LLC 15 yil davomida soliq organlarini aldash boʻyicha jinoiy sxemani qoʻllab-quvvatlaganlikda aybdor deb topildi. 6 dekabr, seshanba kuni Nyu-York shtati sudida raislik qilgan sudya Xuan Merchan hukm chiqarish sanasini 13 yanvarga belgiladi. Kompaniya barcha moddalar, jumladan, jinoiy til biriktirish va biznes hujjatlarini soxtalashtirishda aybdor deb topildi. Trampning oʻziga bu ish boʻyicha ayblov qoʻyilmagan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, butun dunyo boʻylab mehmonxonalar, golf maydonlari va boshqa koʻchmas mulklarni boshqaradigan The Trump Organization LLC top-menejerlar, jumladan sobiq moliya direktori Allen Vaysselbergning shaxsiy xarajatlarini toʻlash va ularga mustaqil pudratchi sifatida mukofot cheklarini berish bilan shugʻullangan, deb yozadi Reuters. Kompaniya 1,6 million dollargacha (1,5 million yevro) jarimaga tortilishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, jarima bunday hajmdagi kompaniya uchun ortiqcha yuk boʻlmasligi kerak boʻlsa-da, ayblov hukmi uning biznes yuritish qobiliyatini murakkablashtirishi mumkin. Bundan tashqari, u 2014 yilda AQSh prezidentligi uchun yana oʻz nomzodini qoʻyishni rejalashtirayotgan Trampga huquqiy bosimni kuchaytiradi. Avgust oyida Federal qidiruv byurosi Donald Trampning Floridadagi uyida tintuv oʻtkazdi. Agentlar Tramp Oq uydan olib chiqib ketgan boʻlishi mumkin boʻlgan maxfiy hujjatlarni qidirdi, keyinroq The Washington Post gazetasi tintuv natijasida xorijiy davlatlardan birining mudofaa strategiyasi va uning yadroviy salohiyatini tavsiflovchi hujjat aniqlangani haqida xabar berdi. Trump Organization'ga oid surishtiruv Trampning sobiq advokati Maykl Koen 2019 yilda AQSh Kongressida korporatsiya oʻz aktivlarini sugʻurta kompaniyalari uchun haddan tashqari oshirib yuborayotgani haqida koʻrsatma berganidan keyin boshlangan. Bu sobiq prezidentga asosiy aktivini yanada qulay shartlarda kreditlash va shu bilan birga, koʻchmas mulk soligʻini toʻlashda imtiyozlar olish imkonini bergan. Manxetten prokuraturasi, shuningdek, Koenning ikki nafar ayolga Tramp bilan aloqalari haqida hech kimga gapirmaslik uchun amalga oshirgan toʻlovlari bilan ham qiziqib qoldi. Ikkala ayol ham Tramp bilan aloqalari borligini daʼvo qilishdi, u buni rad etdi. Nyu-York shtati Bosh prokuraturasi jinoiy ish ochdi. Trampning oʻzi avvalroq unga qarshi ishlar siyosiy sabablarga koʻra ochilganligini aytgan edi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid