Toshkentda qabr qazish, tobut va marosim xizmatlari uchun narxlar belgilandi
Ushbu tariflar Toshkentdagi barcha qabristonlar uchun bir xil qoʻllaniladi.

Toshkent shahrida qabristonlarda qabr qazish va marosim xizmatlari uchun pullik xizmatlar koʻrsatish tariflari belgilandi. Bu haqda poytaxt hokimining qarorida maʼlumot beriladi.
Mazkur qarorning qabul qilinishiga "qabr qazish va marosim xizmatlari uchun xarid qilinadigan xomashyo (tobut uchun taxta, mix, yoqilgʻi, moy va boshqalar) narxlari oshgani va ishchi xodimlarga maosh toʻlashda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani" sabab qilib keltirilgan.
Ushbu tariflar Toshkentdagi barcha qabristonlar uchun bir xil qoʻllaniladi.
Jumladan, musulmonlar uchun goʻr qazish: kattasi 160 ming soʻm, kichigi uchun 60 ming soʻm etib belgilandi. Boshqa din vakillari uchun bu narxlar mos ravishda 150 ming va 60 ming soʻmni tashkil etadi. Musulmonlar uchun bir tobut yasatish miqdori 1 mln. 560 ming etib belgilangan.
